Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati +39.2C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
Sirdaryoda jurnalistlar bayrami milliy qadriyat tantanasiga aylandi
Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar va blogerlar uchun sana munosabati bilan viloyat hokimligi tomonidan bayram tadbiri tashkil etildi.

Bu yilgi bayram avvalgilariga nisbatan o‘zida milliylikni mujassam etganligi bilan o‘zgacha tus oldi. Boisi tadbirga taklif etilganlarga viloyat hokimi tashabbusi bilan o‘zbek milliy bosh kiyimi - do‘ppi sovg‘a qilindi. Kutilmagan bu tufha hammaning ko‘nglini faxr va iftixorga to‘ldirgani qatnashchilarning yuz-ko‘zlarida namoyon bo‘ldi.

Barchaga birdek yarashgan bosh kiyimi tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat, ruhiyat bag‘ishladi. Zero, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov aytganidek:

…Qayga bormay, boshda do‘ppim,

Gʻoz yurarman gerdayib,

Olam uzra nomi ketgan

O‘zbekiston, o‘zbegim…

Hokimlikning qabullar uyida boshlangan tadbirning birinchi qismida viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev sirdaryolik matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini bayram bilan muborakbod etdi.

- Muhtaram Prezidentimizning bugungi sana munosabati bilan yo‘llagan tabrigida “Doimo yangilik izlab, yangilikka intilib yashaydigan, jamiyatda yuz berayotgan muhim o‘zgarishlar, ustuvor g‘oya va tashabbuslarning ma’no-mohiyatini odamlarga tezkorlik va xolislik bilan yetkazadigan, hayotning qaynoq nuqtalariga dadil kirib boradigan siz, azizlarga mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan beqiyos hissangiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman”, deya alohida ta’kidlab o‘tganlari bejiz emas. Chunki dunyoning qaysi burchagida yashashidan qat’iy nazar, ommaviy axborot vositalari xodimiga talab bitta, u ham bo‘lsa – xolislik va haqqoniylik, - deya ta’kidladi viloyat hokimi. - Matbuot maydoniga kirgan inson – u jurnalist bo‘ladimi, bloger bo‘ladimi, bundan qat’iy nazar ko‘tarayotgan masalasiga xolislik bilan yondoshishi shart. O‘ylaymanki, viloyatimizda bu kasbni ulug‘lab kelayotgan qalbi toza, niyati xolis, maqsadi ulug‘ maqsadlarimizga tutash jurnalistlarimiz bundan keyin ham davr yilnomasini yaratishda, xalqimizning dardini anglashda, muammolarni bartaraf etishda biz bilan bir safda, yelkadosh bo‘lishadi. Bayram avvalida milliy bosh kiyimining sovg‘a qilinishida ham ramziy ma’no bor. Zero, boshingiz omon bo‘lsin. Milliy urf-odat va an’analarimiz va libosimiz bilan faxrlanib, g‘ururga to‘lib axborot makonida yurtimizning nomi va sha’nini doim yuqori ko‘tarib yuringlar aziz jurnalistlar, blogerlar!!!  

Tabrikdan so‘ng bayram tadbiri bezatilgan fayzli dasturxon atrofida, bir piyola choy ustida davom etdi. 

Barcha tuman-shahar hokimliklarining Axborot xizmatlari rahbarlariga zamonaviy noutbuklar sovg‘a qilindi. 

Shuningdek, mehnat faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng ommaga targ‘ib qilishda o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan faol jurnalistlar va ommaviy axborot vositalarining bir guruhiga viloyat hokimining Faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘tkazilgan bayram tadbiri ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va muxbirlar, blogerlar uchun yanada yaxshi faoliyat yuritishlariga ilhom bag‘ishladi desak aslo mubolag‘a emas.

Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz hamkasblar!!!

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish